130-modda. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan, shu jumladan yordamchi xizmatlar tomonidan realizatsiya qilishdan qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi chegirib tashlangan holda olingan tushum tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan daromaddir.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan tushum yuklab joʻnatilgan tovarlar (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) qiymatidan kelib chiqqan holda tovarlarni joʻnatish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish hollarini tasdiqlovchi hujjatlar asosida belgilanadi.
Vositachilik faoliyatidan daromadlar oladigan yuridik shaxslar uchun tushum deyilganda koʻrsatilgan xizmatlar uchun olinishi lozim boʻlgan haq summasi tushuniladi.
Nashriyot va tahririyatlar uchun gazeta va jurnallarni realizatsiya qilishdan olingan tushum ularda reklamani joylashtirishdan olingan daromadlar kiritilgan holda aniqlanadi.
Mol-mulkni ijaraga berishdan foizlar, royalti, daromadlar olish imkonini beruvchi mol-mulkni va mulkiy huquqlarni boshqa shaxslarga foydalanishga berish, shuningdek talab qilish huquqidan boshqa shaxsning foydasiga voz kechishdan olingan daromadlar, agar ushbu daromadlar summasi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarning umumiy summasidan ortiq boʻlsa, xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar deb eʼtirof etiladi. Mazkur norma notijorat tashkilotlarga tatbiq etilmaydi, ular uchun ushbu daromadlar boshqa daromadlar sifatida qaraladi.
Kredit, sugʻurta tashkilotlari, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari uchun ushbu Kodeksning tegishincha 148, 150 va 152-moddalarida koʻrsatilgan daromadlar xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar deb eʼtirof etiladi.
Uzoq muddatli kontraktlarni bajarishdan olinadigan daromadlar ularning haqiqatda bosqichma-bosqich bajarilishiga taalluqli qismida hisobot davri mobaynida hisobga olinadi.
Uzoq muddatli kontraktning hisobot davri oxirida haqiqatda bajarilganligi kontraktni bajarishga kirishilganidan eʼtiboran qilingan xarajatlarning kontraktni bajarish uchun ketadigan xarajatlarning umumiy summasidagi solishtirma salmogʻini hisob-kitob qilish asosida belgilanadi.
Hisobot davri oxiridagi daromad kontrakt boʻyicha qilingan xarajatlarning hisoblangan solishtirma salmogʻi va jami daromad summasining (kontrakt bahosining) hosilasi sifatida aniqlanadi. Mazkur kontrakt boʻyicha ilgari hisobga olingan daromadlar joriy hisobot davrida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadni aniqlashda chegirib tashlanadi.
