324-modda. Imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Avtotransport vositalarini olish va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yigʻimni toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadilar:
1) ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan qoʻl bilan boshqarishga moslashtirilgan yengil avtomobilni va (yoki) motoaravachani oluvchi barcha guruhlardagi nogironlar;
2) yaqin qarindoshlaridan hadya shartnomasi yoki meros asosida avtomobillar va motoaravachalar oluvchi fuqarolar;
4) faoliyatining asosiy turi yoʻlovchilar tashish boʻlgan, qonun hujjatlariga muvofiq yoʻlovchilar tashish uchun belgilangan namunadagi litsenziyaga ega boʻlgan avtotransport korxonalari — yoʻlovchilar tashishni amalga oshiruvchi transport vositalari boʻyicha (yengil avtomobillar va yoʻnalishli taksilardan tashqari);
5) yuridik shaxslar — qirq tonnadan ortiq yuk koʻtaradigan, olingan kon avtosamosvallari boʻyicha;
6) homiylik (begʻaraz) yordami sifatida avtomobillarni olgan (sotib olgan) bolalar uylari, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, nogiron bolalar uchun markazlar, qariyalar va kichik yoshdagi nogironlar uchun internat-uylar, shuningdek budjet hisobidan moliyalashtiriladigan tibbiyot muassasalari;
7) yuridik shaxslar — avtotransport vositalarini bitta tizim (davlat va xoʻjalik boshqaruvi organi) ichida balansdan balansga bepul oʻtkazishda;
8) qayta tashkil etish natijasida avtotransport vositasini olgan huquqiy voris;
9) avtotransport vositalarini ushbu moddaning 3—5-bandlarida koʻrsatilgan yuridik shaxslarga lizingga berish uchun oluvchi lizing beruvchilar.
