325-modda. Yigʻimlarni toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirganlik uchun yigʻim ular Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganda, qayta roʻyxatdan oʻtkazilayotganda quyidagi hollarda undiriladi:
1) avtotransport vositalari oldi-sotdi, almashtirish, hadya, bepul berish shartnomasi asosida, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa bitimlar asosida mulk qilib olinganda;
2) avtotransport vositalari yuridik shaxsning ustav fondiga (ustav kapitaliga) yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda dividendlar sifatida olinganda;
3) avtotransport vositalari lizingga berish uchun olinganda, ushbu Kodeks 324-moddasining 9-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Yigʻim taraflarning yozma kelishuviga koʻra lizing beruvchidan yoki lizing oluvchidan undiriladi. Lizing beruvchi Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlgan taqdirda, yigʻim lizing oluvchidan undiriladi. Lizing shartnomasi muddati tugaganidan soʻng mazkur lizing (ikkilamchi lizing) shartnomasi predmeti boʻlgan avtotransport vositasi qayta roʻyxatdan oʻtkazilayotganida takroran yigʻim undirilmaydi;
4) avtotransport vositalari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirilganda.
Avtotransport vositalarini olish va (yoki) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjat taqdim etilmagan holda avtotransport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish, qayta roʻyxatdan oʻtkazish yoki texnik koʻrikdan oʻtkazish amalga oshirilmaydi.
Chet davlatlar avtotransport vositalari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranzit tarzida oʻtganligi uchun yigʻim chet davlatning avtotransport vositasi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirayotganida undiriladi.
