62-modda. Soliq qarzini majburiy undirish choralari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq qarzini majburiy undirish choralariga quyidagilar kiradi:
soliq qarzini soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlaridan soʻzsiz undirish;
undiruvni soliq toʻlovchiga uning debitorlari oʻtkazishi lozim boʻlgan summalarga qaratish;
undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish.
Yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan jismoniy shaxs soliq qarzini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan barcha choralar koʻrilganidan keyin uzmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi uni bankrot deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat etadi.
Soliq qarzini majburiy undirish choralari jismoniy shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sud hujjatlari asosida davlat ijrochilari tomonidan qoʻllaniladi va ularga ushbu Kodeks 63 — 65-moddalarining qoidalari tatbiq etilmaydi, bundan tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno.
Soliq tekshiruvi natijalari boʻyicha qoʻshimcha hisoblangan soliq qarzi summalarini majburiy undirish choralari soliq toʻlovchi tomonidan uning natijalari boʻyicha berilgan shikoyat davriga ushbu Kodeksning 18-bobiga muvofiq toʻxtatib turiladi.
