63-modda. Soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlaridan soliq qarzini soʻzsiz undirish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlaridan soliq qarzini soʻzsiz undirish, agar ushbu Kodeks 62-moddasining uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchining talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatayotgan bankka davlat soliq xizmati organining soliq qarzi summasini tegishli budjetga yoki davlat maqsadli jamgʻarmasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomasini taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Soliq qarzi summasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomalari soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati tugaganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmay davlat soliq xizmati organlari tomonidan taqdim etiladi;
Soliq toʻlovchining hisobvaragʻida pul mablagʻlari boʻlmaganligi yoki yetarli boʻlmaganligi tufayli davlat soliq xizmati organining inkasso topshiriqnomasi toʻliq yoki qisman bajarilmagan taqdirda, inkasso topshiriqnomasi olingan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda uning nusxasi bankning belgisi qoʻyilib, davlat soliq xizmati organiga va soliq toʻlovchiga yuboriladi. Agar inkasso topshiriqnomasini taqdim etish paytida soliq toʻlovchi soliq qarzining summasini oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasini bankka topshirgan boʻlsa, bank taqdim etilgan inkasso topshiriqnomasini soliq toʻlovchining toʻlov topshiriqnomasi nusxasini ilova qilgan holda davlat soliq xizmati organiga qaytaradi.
Soliq qarzi summasini undirish soliq toʻlovchining barcha bank hisobvaraqlarida turgan pul mablagʻlaridan amalga oshiriladi, qonun hujjatlariga muvofiq undiruv qaratish mumkin boʻlmagan hisobvaraqlar bundan mustasno.
