61-modda. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomani bajarish muddatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan olingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor soliq qarzini uzmagan taqdirda va ushbu Kodeksning 63-moddasida nazarda tutilgan choralarni qoʻllash natijasida soliq qarzi uzilmay qolaversa, davlat soliq xizmati organlari undiruvni ushbu Kodeksning 64-moddasida belgilangan tartibda soliq toʻlovchiga uning debitorlari oʻtkazishi lozim boʻlgan summalarga qaratadi.
Yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkor soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomani olgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida soliq qarzini uzmagan taqdirda va agar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan choralarni qoʻllash natijasida mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan koʻp boʻlgan summadagi soliq qarzi uzilmay qolsa, davlat soliq xizmati organlari undiruvni ushbu Kodeksning 65-moddasida belgilangan tartibda soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratadi.
Soliq qarzining summasi undiruvni mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz boʻlgan, biroq toʻlash muddati tugaganidan keyin bir yil ichida toʻlanmagan hollarda ham ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan undiruvni soliq toʻlovchining mol-mulkiga qaratish choralari qoʻllaniladi.
