60-modda. Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda rasmiylashtiriladi va unda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) soliq toʻlovchining familiyasi, ismi, otasining ismi yoki toʻliq nomi;
2) soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
3) talabnoma tuzilgan sana;
4) talabnomani yuborish vaqtida hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar, penya, jarimalar boʻyicha qarz summasi;
5) talabnoma olinganidan soʻng soliq majburiyati bajarilmagan taqdirda qoʻllaniladigan majburiy undirish choralari va muddatlari;
6) debitorlar bilan oʻzaro hisob-kitoblar solishtirma dalolatnomasini taqdim etish toʻgʻrisidagi koʻrsatma.
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma soliq toʻlovchiga yoki uning vakiliga bu talabnomani soliq toʻlovchi olganligini va talabnoma olingan sanani tasdiqlovchi usulda topshirilishi lozim. Soliq toʻlovchida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti mavjud boʻlgan taqdirda, soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma unga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilishi mumkin. Soliq toʻlovchiga soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma bilan bir vaqtda davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq qarzi belgilangan muddatda qoplanmagan taqdirda undiruv qarzdorning mol-mulkiga qaratiladigan miqdordagi soliq qarzi summasini koʻrsatgan holda garov reyestriga yozuv kiritiladi. Yozuv soliq qarzi toʻliq qoplanganidan yoki hisobdan chiqarilganidan keyin garov reyestridan oʻchiriladi.
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilgan taqdirda, u buyurtma xat pochta joʻnatmasi topshirilganligi toʻgʻrisidagi bildirish blankasida koʻrsatilgan sanada olingan deb hisoblanadi.
Soliq qarzini uzish toʻgʻrisidagi talabnomaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
