59-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlari bajarilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash boʻyicha bajarilmagan majburiyatlari boʻlgan soliq toʻlovchi oʻzining bank hisobvaragʻida pul mablagʻlari mavjud boʻlishidan qatʼi nazar, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni ushbu Kodeksda belgilangan toʻlash muddatidan kechiktirmay ularni xizmat koʻrsatayotgan bankka toʻlash uchun toʻlov topshiriqnomasini taqdim etishi shart.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlari bajarilishini taʼminlash choralari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yuridik shaxslar, shuningdek tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun — soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati tugaganidan keyin uch ish kunidan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organi tomonidan ularga yuboriladigan soliq qarzini toʻlash toʻgʻrisidagi talabnoma;
jismoniy shaxslar uchun, bundan tadbirkorlik faoliyatiga doir qism boʻyicha yakka tartibdagi tadbirkorlar mustasno, — soliq majburiyatlarini bajarish muddatlari tugaganidan keyin davlat soliq xizmati organining jismoniy shaxsdan soliq qarzini undirish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi, bundan soliq qarzining summasi undiruvni mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz boʻlgan hollar mustasno. Bunda soliq qarzining summasi undiruvni mol-mulkka qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz boʻlgan, biroq toʻlash muddati tugaganidan keyin bir yil ichida toʻlanmagan taqdirda ham soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyatlarining bajarilishini taʼminlash choralari qoʻllaniladi.
