383-modda. Dehqon xoʻjaliklariga soliq solish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaliklari ushbu Kodeksda jismoniy shaxslar — soliq toʻlovchilar uchun nazarda tutilgan tartibda soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar toʻlaydi.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda dehqon xoʻjaliklari quyidagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlaydi:
1) jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
2) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
3) jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
4) bojxona toʻlovlari;
5) ushbu Kodeksning XVII boʻlimida boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat boji;
6) avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun yigʻim.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaligi aʼzolari ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan soliqlar va majburiy toʻlovlarni toʻlash bilan bir qatorda ushbu Kodeksning 311-moddasida nazarda tutilgan tartibda yagona ijtimoiy toʻlov toʻlaydi.
Yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xoʻjaligi aʼzolari qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish, oʻzlari yetishtirgan mahsulotni qayta ishlash va realizatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlmagan faoliyat bilan shugʻullangan taqdirda, ular yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida roʻyxatdan oʻtishlari hamda ushbu Kodeksning 58-bobida nazarda tutilgan tartibda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashlari shart.
