382-modda. Faqat yakka tartibdagi tadbirkorlar amalga oshiradigan birgalikdagi faoliyatga soliq solish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha birgalikdagi faoliyat faqat yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilgan taqdirda, birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulotni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi ishonchli shaxs mazkur mahsulotni realizatsiya qilishdan olingan, ushbu Kodeks 350-moddasi birinchi qismining 2-bandida belgilangan miqdordan kam boʻlmagan tushumdan yagona soliq toʻlovini, shuningdek, agar birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot aksiz toʻlanadigan mahsulot boʻlsa, aksiz soligʻini toʻlaydi.
Yagona soliq toʻlovi birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot realizatsiya qilinmasdan, birgalikdagi faoliyat sheriklari (ishtirokchilari) oʻrtasida taqsimlab olingan taqdirda ham toʻlanadi. Bunda yagona soliq toʻlovi summasi birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxidan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.
Birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish doirasida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yagona soliq toʻlovi hisob-kitobining shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
