104-modda. Soliq toʻlovchi tomonidan davlat soliq xizmati organining qarorini bajarish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchi, agar ushbu Kodeks 54-moddasining uchinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat soliq xizmati organi qarorining koʻchirma nusxasi olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida qarorda koʻrsatilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarni bartaraf etishi hamda hisoblangan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penya summasini toʻlashi shart.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda soliqqa oid huquqbuzarliklar bartaraf etilgan hamda hisoblangan soliqlar, majburiy toʻlovlar va penya summasi toʻlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organi qarorining soliq toʻlovchiga nisbatan qoʻllaniladigan jarima qismi bekor qilingan hisoblanadi. Mazkur norma tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumni yashirish (kamaytirish) va kirim qilinmagan tovarlarni saqlash, fiskal xotiraga ega boʻlgan nazorat-kassa mashinalarining qoʻllanilish tartibini buzish hollariga tatbiq etilmaydi.
Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda soliqqa oid huquqbuzarlik bartaraf etilmagan hamda hisoblangan soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penya summasi toʻlanmagan taqdirda, davlat soliq xizmati organi ushbu Kodeksning 62—65-moddalariga muvofiq soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penyani majburiy ravishda undirish choralarini koʻradi, shuningdek soliq toʻlovchiga nisbatan jarima qoʻllash toʻgʻrisida daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qiladi.
Agar davlat soliq xizmati organining qarori budjetga hamda davlat maqsadli jamgʻarmalariga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning tushmasligiga olib kelmagan soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun soliq toʻlovchiga nisbatan jarima qoʻllanilishini nazarda tutsa, soliq toʻlovchi qaror nusxasini olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organiga mazkur huquqbuzarliklardagi aybini tan olganligi va ixtiyoriy ravishda jarima toʻlashi toʻgʻrisida yoki uni rad etishi toʻgʻrisida yozma bildirish taqdim etishi (yuborishi) shart.
Soliq toʻlovchi soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etganlikdagi aybini tan olgan taqdirda, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida belgilangan muddatda davlat soliq xizmati organiga jarimani (aniq muddatni koʻrsatgan holda) ixtiyoriy ravishda toʻlash uchun zarur boʻlgan muddat berish toʻgʻrisida murojaat qiladi. Jarima qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar oʻrinbosari arizani olgan kundan eʼtiboran ikki ish kunidan kechiktirmasdan soliq toʻlovchi tomonidan soʻralgan muddatni berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Muddat jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlash uchun muddat berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan, ushbu Kodeks 54-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa olti oydan oshmasligi kerak. Mazkur qarorning nusxasi soliq toʻlovchiga tilxat olish orqali yoki soliq toʻlovchi qaror nusxasini olgan sanani tasdiqlovchi boshqa usul orqali topshiriladi. Agar soliq toʻlovchiga qarorning nusxasini bunday usullar orqali topshirish imkoni boʻlmasa, u pochta orqali buyurtma xat bilan joʻnatiladi va joʻnatilganidan uch kun oʻtgach, topshirilgan hisoblanadi.
