105-modda. Soliq tekshiruvini oʻtkazishda gʻayriqonuniy harakatlar orqali zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslik
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq tekshiruvini oʻtkazishda soliq toʻlovchiga yoxud uning egaligida, foydalanishida yoki tasarrufida boʻlgan mol-mulkka gʻayriqonuniy harakatlar orqali zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Soliq tekshiruvini oʻtkazishda davlat soliq xizmati organlari yoki ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari orqali yetkazilgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning oʻrni davlat soliq xizmati organlari tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi kerak. Sud qaroriga binoan zararlarning oʻrnini qoplash davlat soliq xizmati organlari qaysi mansabdor shaxslarining aybi bilan zarar yetkazilgan boʻlsa, oʻsha mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi mumkin.
Davlat soliq xizmati organlari va ularning mansabdor shaxslari gʻayriqonuniy harakatlar sodir etganligi natijasida soliq toʻlovchiga yetkazilgan zarar uchun qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining qonuniy harakatlari orqali soliq toʻlovchiga yetkazilgan zararlarning oʻrni qoplanmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
