112-modda. Moliyaviy sanksiyalar va ularni qoʻllash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Moliyaviy sanksiyalar soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlik chorasi boʻlib, pul undirish (jarimalar va penya) tarzida qoʻllaniladi.
Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga — soliq toʻlovchilarga moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qoʻllaniladi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati oʻtkazib yuborilganligi uchun penya hisoblash, shuningdek soliq toʻlovchi sodir etilgan huquqbuzarlikdagi aybini tan olgan va jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlagan hollar bundan mustasno.
Soliq toʻlovchi jismoniy shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar faqat sud tartibida qoʻllaniladi, penya hisoblash hollari bundan mustasno.
Qoʻllaniladigan moliyaviy sanksiya huquqbuzarlikning oqibatlariga nomutanosib boʻlgan, javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, shuningdek huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olib, sud ushbu Kodeksning 17-bobida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyaning eng kam darajasidan ham kamroq, biroq belgilangan sanksiya eng kam miqdorining 25 foizidan kam boʻlmagan miqdorda, sabablar va asoslarni albatta koʻrsatgan holda moliyaviy sanksiya qoʻllashga haqli.
Soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va penya materiallar sudga berilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda tadbirkorlik subyekti — soliq toʻlovchi oʻziga nisbatan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlamaganligi uchun jarimalar qoʻllanilishidan ozod qilinadi.
