113-modda. Davlat soliq xizmati organida hisobga turishdan boʻyin tovlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining, bundan bir vaqtning oʻzida davlat soliq xizmati organlarida va davlat statistikasi organlarida hisobga qoʻyilgan holda davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan soliq toʻlovchilar mustasno, davlat soliq xizmati organlarida hisobga turishdan boʻyin tovlashi quyidagi miqdorda jarima solinishiga sabab boʻladi:
agar faoliyat koʻpi bilan oʻttiz kun amalga oshirilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida, biroq bunday faoliyat natijasida olingan sof tushumning oʻn foizidan kam boʻlmagan miqdorda;
agar faoliyat oʻttiz kundan ortiq amalga oshirilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida, biroq bunday faoliyat natijasida olingan sof tushumning ellik foizidan kam boʻlmagan miqdorda.
Soliq toʻlovchining, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining davlat soliq xizmati organida obyektlar boʻyicha hisobga turishdan boʻyin tovlashi quyidagi miqdorda jarima solinishiga sabab boʻladi:
agar hisobga turish boʻyicha belgilangan muddatdan koʻpi bilan oʻttiz kun oʻtgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida;
agar hisobga turish boʻyicha belgilangan muddatdan oʻttiz kundan ortiq oʻtgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida.
