89-modda. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazish muddatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining soliq tekshiruvini oʻtkazish muddati oʻttiz kalendar kundan oshmasligi kerak.
Soliq tekshiruvi muddatlarini uzaytirish davlat soliq xizmati organining qoʻshimcha buyrugʻi bilan rasmiylashtirilib, unda oldingi buyruqning roʻyxatdan oʻtkazish raqami hamda sanasi, tekshiruv oʻtkazishga ilgari jalb etilgan mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatiladi.
Qisqa muddatli soliq tekshiruvini oʻtkazish muddati oʻn ish kunidan oshmasligi kerak. Bunda tegishli ruxsatnomalarsiz alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishini, qalbaki aksiz markali yoki aksiz markasi mavjud boʻlmagan alkogol va tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishini yoki realizatsiya qilinishini qisqa muddatli tekshirishlarni, shuningdek taqiqlangan tovarlar (xizmatlar) ishlab chiqarilishi va realizatsiya qilinishi faktlariga barham berish boʻyicha qisqa muddatli tekshirishlarni oʻtkazish muddati bir ish kunidan oshmasligi lozim.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining tegishli soliq tekshiruvini oʻtkazish muddati nazorat qiluvchi organlarning asoslantirilgan talabnomalariga koʻra, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organning ruxsatnomasiga binoan faqat bir marta uzaytirilishi mumkin. Bunda tegishli tekshiruvning uzaytirilgan muddati uni uzaytirishning asosiy muddatidan oshmasligi kerak.
Soliq tekshiruvini tayinlash toʻgʻrisidagi buyruqning ijrosi sud tomonidan toʻxtatilgan taqdirda, soliq tekshiruvini oʻtkazish muddatini hisoblash ham toʻxtatiladi.
