88-modda. Soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun asos
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchi moliya-xoʻjalik faoliyatining tekshiruvini oʻtkazish (taftish qilish) uchun quyidagilar asos boʻladi:
tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organning tekshiruvni oʻtkazishga roziligi, ushbu rozilikda tekshiriladigan obyektning nomi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, tekshiruvning maqsadi, tekshiruv oʻtkazish muddatlari va uni asoslovchi sabablar koʻrsatiladi;
davlat soliq xizmati organining buyrugʻi, buyruqda tekshiruvni oʻtkazish maqsadi, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tarkibi koʻrsatiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organning tekshiruvni oʻtkazishga boʻlgan roziligi jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari asosida oʻtkaziladigan tekshirish yoki tadbirkorlik subyektlari faoliyati tavakkalchiligini tahlil etish natijalarining yakunlari boʻyicha davlat soliq xizmati organlari tashabbusiga koʻra tekshirishni oʻtkazish uchun asos boʻladi, ushbu rozilikda tekshiriladigan obyektning nomi, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, tekshiruvning maqsadlari, oʻtkazilish muddatlari va tekshiruvni asoslovchi sabablar koʻrsatiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organni xabardor etish tartibida tekshiruvni oʻtkazish uchun davlat soliq xizmati organining tekshiruvni oʻtkazish maqsadlari, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi koʻrsatilgan buyrugʻi asos boʻladi.
Tugatilayotgan yuridik shaxsni va faoliyati tugatilayotganda yagona soliq toʻlovini toʻlovchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorni soliq tekshiruvidan oʻtkazish uchun:
tugatuvchining yoki yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organning yuridik shaxs tugatilayotganligi va yagona soliq toʻlovini toʻlovchi boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati tugatilayotganligi toʻgʻrisidagi yozma bildirishi;
davlat soliq xizmati organining tekshiruvni oʻtkazish maqsadlari, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tarkibi koʻrsatilgan buyrugʻi asos boʻladi.
