90-modda. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazish davriyligi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchilar moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) bir yilda koʻpi bilan bir marta, belgilangan normalar va qoidalarga oʻz vaqtida hamda toʻliq hajmda rioya etayotgan soliq toʻlovchilar moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari esa, ikki yilda koʻpi bilan bir marta amalga oshiriladi, ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xususiy bank va boshqa xususiy moliya institutlari moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) besh yilda koʻpi bilan bir marta, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklari moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) toʻrt yilda koʻpi bilan bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlari moliya-xoʻjalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) uch yilda koʻpi bilan bir marta amalga oshiriladi.
Yangi tashkil etilgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali soliq tekshiruvlaridan oʻtkazilmaydi, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Aksiz toʻlanadigan tovarlar ishlab chiqaruvchi yangi tashkil etilgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati, shuningdek mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining budjet hamda markazlashtirilgan mablagʻlar va resurslardan maqsadli foydalanish bilan bogʻliq moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran dastlabki ikki yil mobaynida rejali soliq tekshiruvlaridan oʻtkazilmaydi.
Ushbu moddada koʻrsatilgan tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar moliya yili mobaynida muntazam ravishda toʻlanmagan taqdirda, rejali tekshiruvlardan oʻtkazilishi mumkin.
