91-modda. Soliq tekshiruvlarini oʻtkazishga doir qoʻshimcha shartlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq tekshiruvlari faqat ushbu Kodeksning 88-moddasida koʻrsatilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi.
Davlat soliq xizmati organi rejali soliq tekshiruvi oʻtkazishning boshlanishi haqida tekshiruvni oʻtkazish boshlanishidan kamida oʻttiz kalendar kun oldin tadbirkorlik subyektini tekshiruvdan oʻtkazish muddatlari va predmetini koʻrsatgan holda, yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Tadbirkorlik subyekti tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliya va soliq hisobotini, shuningdek tadbirkorlik subyektining faoliyati toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organida mavjud boʻlgan boshqa hujjatlarni oʻrganish hamda tahlil etish asosida oʻtkaziladigan kameral nazorat natijalari boʻyicha qoidabuzarliklar aniqlangan hollardagina davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Coliq monitoringi amalga oshirilgan soliq davri uchun moliya-xoʻjalik faoliyati boʻyicha rejali tekshiruvlar oʻtkazilmaydi, bundan soliq monitoringi muddatidan ilgari tugatilgan hollar mustasno.
Soliq tekshiruvi oʻtkazilishi soliq toʻlovchining faoliyatini toʻxtatib qoʻymasligi kerak, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan boshqa tumanlarda (shaharlarda) davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektlarida soliq tekshiruvlari oʻtkazish, ularning ishlab chiqarish binolari, savdo nuqtalari va xizmatlar koʻrsatish (ishlar bajarish) joyi qayerda joylashganligidan qatʼi nazar, takrorlashga yoʻl qoʻyilmagan holda, tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi tegishli davlat soliq xizmati organlari bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Soliq tekshiruvi davlat soliq xizmati organi rahbari yoki rahbar oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan soliq tekshiruvi oʻtkazish dasturiga muvofiq amalga oshiriladi.
Soliq tekshiruvini oʻtkazish dasturida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
soliq tekshiruvi oʻtkazilayotganda oʻrganiladigan masala yoki masalalar doirasi;
soliq tekshiruvi soliq toʻgʻrisidagi qaysi qonun hujjatlariga rioya etilishini oʻrganish uchun oʻtkaziladigan boʻlsa, shu qonun hujjatlarining roʻyxati;
tekshiruv turidan kelib chiqqan holda boshqa maʼlumotlar.
Soliq tekshiruvini oʻtkazish dasturini tuzish qoidalari nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
