379-modda. Umumiy qoidalar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha sheriklarning (ishtirokchilarning) oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha birgalikda foydalanadigan mol-mulki birgalikdagi faoliyatga qoʻshilgan hissa tarzida har bir sherikning (ishtirokchining) balansida hisobga olinishi lozim.
Birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulotni realizatsiya qilish bilan bogʻliq holda vujudga keladigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash boʻyicha majburiyatlar birgalikda ishlab chiqarilgan mahsulotni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi shaxs (ishonchli shaxs) tomonidan ijro etiladi. Bunda, agar oddiy shirkat shartnomasi sheriklarining (ishtirokchilarining) biri yuridik shaxs boʻlsa, faqat yuridik shaxs ishonchli shaxs boʻlishi mumkin.
Yuridik shaxslar ishtirokidagi birgalikdagi faoliyat natijalariga soliq solish, ushbu Kodeksning 380 va 381-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Agar oddiy shirkat shartnomasining barcha sheriklari (ishtirokchilari) yakka tartibdagi tadbirkorlar boʻlsa, birgalikdagi faoliyatga soliq solish ushbu Kodeksning 382-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Ishonchli shaxs vazifasini bajaruvchi yuridik shaxs soliq solish obyektlari va birgalikdagi faoliyat boʻyicha soliq solish bilan bogʻliq obyektlar hisobini alohida-alohida yuritadi.
Ushbu bobda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlash majburiyati yuklatilayotgan ishonchli shaxs oddiy shirkat shartnomasi asosida birgalikdagi faoliyatni amalga oshirishni boshlagan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ishonchli shaxsning soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organida birgalikdagi faoliyat doirasida soliq majburiyatlarini bajaruvchi soliq toʻlovchi sifatida hisobga turishi shart.
