266-modda. Soliq solish obyekti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Quyidagi mol-mulk soliq solish obyektidir:
1) koʻchmas mulk, shu jumladan moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi boʻyicha olingan koʻchmas mulk;
3) tugallanmagan qurilish obyektlari. Tugallanmagan qurilish obyektlari jumlasiga ushbu qurilish obyektiga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan obyektlar, agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan boʻlsa, ushbu obyektlarning qurilishiga vakolatli organning ruxsati olingan oydan eʼtiboran yigirma toʻrt oy ichida qurilishi tugallanmagan obyektlar kiradi.
4) belgilangan muddatda ishga tushirilmagan asbob-uskunalar. Belgilangan muddatda ishga tushirilmagan asbob-uskunalar jumlasiga montaj qilinishi talab etiladigan hamda rekonstruksiya va (yoki) modernizatsiya qilinayotgan obyektlarda loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan muddatlarga muvofiq kapital qoʻyilmalar hisobiga ishga tushiriladigan asbob-uskunalar kiradi. Loyiha-smeta hujjatlarida asbob-uskunalarni ishga tushirish muddatlari boʻlmagan taqdirda, buyurtmachi sifatida ish koʻrayotgan yuridik shaxsning rahbari tomonidan tasdiqlangan muddatlar soliq solish obyektini belgilash uchun qabul qilinadi, lekin bu muddatlar asbob-uskunalar montaj qilishga topshirilgan paytdan eʼtiboran bir yildan koʻp boʻlmasligi kerak.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan mulk qilib olingan (realizatsiya qilingan) koʻchmas mulk obyekti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ushbu obyektlar joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organiga roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin oʻn kun ichida maʼlum qilishi shart.
Qonun hujjatlariga muvofiq mulk qilib olingan yer uchastkalari soliq solish obyekti sifatida qaralmaydi.
