221-modda. Soliq solinmaydigan realizatsiya qilish oboroti mavjud boʻlgan taqdirda, soliqni hisobga oʻtkazish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq solinmaydigan oborot uchun foydalaniladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha mahsulot yetkazib beruvchilarga va import boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan (toʻlangan) qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobga olinmaydi, balki ushbu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymatida hisobga olinadi.
Soliq solinadigan va soliq solinmaydigan oborot mavjud boʻlganda soliq solinadigan oborotga, shu jumladan nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan oborotga, shuningdek yuridik shaxsning oʻz ehtiyojlari uchun (xarajatlar sifatida qaraladigan) oborotga toʻgʻri keladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi hisobga olinadi.
Hisobga olinadigan summa qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchining tanloviga binoan alohida-alohida va (yoki) mutanosib usulda aniqlanadi.
Hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini aniqlashning tanlangan usuli kalendar yil mobaynida oʻzgartirilishi mumkin emas.
Mutanosib usul qoʻllanilganda hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi soliq solinadigan oborotning umumiy oborot summasidagi ulushidan kelib chiqib aniqlanadi.
Alohida-alohida usul qoʻllanilganda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchi soliq solinadigan va soliq solinmaydigan oborot maqsadlarida foydalanish uchun olingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yuzasidan xarajatlar hamda qoʻshilgan qiymat soligʻi summalari boʻyicha alohida-alohida hisob yuritadi. Bunda alohida-alohida hisobni yuritish imkoni boʻlmagan umumiy xarajatlar boʻyicha xarajatlarni taqsimlash mutanosib usulda amalga oshiriladi.
