283-modda. Soliq stavkasini qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yer uchastkasi mulkdorining, yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachining aybi bilan qishloq xoʻjaligi yerlarining sifati yomonlashgan (bonitet balli pasaygan) taqdirda, yer soligʻi yerning sifati yomonlashguniga qadar belgilangan stavkalar boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan toʻlanadi.
Shaharlar va shaharchalarning maʼmuriy chegaralarida joylashgan qishloq xoʻjaligi ahamiyatiga molik yerlar uchun yer soligʻi qishloq xoʻjaligi yerlari uchun belgilangan stavkalarning ikki baravari miqdorida toʻlanadi.
Normativ muddatda tugallanmagan qurilish obyektlari, boʻsh turgan binolar, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlar, shuningdek foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari joylashgan yer uchastkalari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi ulardan samarasiz foydalanilayotganligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chiqarilgan xulosa asosida, oshirilgan stavkalar boʻyicha toʻlanadi hamda ushbu Kodeksning 282-moddasida koʻrsatilgan imtiyozlar ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.
