282-modda. Imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yer soligʻi toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadi:
1) madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish tashkilotlari — oʻz zimmalariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda foydalanadigan yer uchastkalari uchun;
2) nogironlarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi va “Oʻzbekiston chernobilchilari” assotsiatsiyasi mulkida boʻlgan, ishlovchilari umumiy sonining kamida 50 foizini nogironlar, 1941—1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari tashkil qilgan yuridik shaxslar, bundan savdo, vositachilik, taʼminot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar mustasno. Mazkur imtiyozni olish huquqi belgilanayotganda xodimlarning umumiy soniga shtatda boʻlgan xodimlar kiritiladi;
4) ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror haqida xabardor qilingan kundan eʼtiboran. Ixtiyoriy tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan yoki tugatish tartib-taomili toʻxtatilgan va faoliyat qaytadan boshlangan taqdirda, ushbu imtiyoz qoʻllanilmaydi hamda soliq summasi imtiyoz qoʻllanilgan butun davr uchun toʻliq miqdorda undiriladi.
Soliq solinmaydigan yer uchastkalari jumlasiga quyidagi yerlar kiradi:
1) bogʻdorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining umumiy foydalanishdagi (kirish yoʻllari, sugʻorish ariqlari, kollektorlar va umumiy foydalanishdagi boshqa yerlar), jamoa garajlarining yerlari;
2) davlat qoʻriqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, davlat tabiat yodgorliklarining, buyurtma qoʻriqxonalarning (ovchilik xoʻjaliklarida tashkil etiladigan buyurtma qoʻriqxonalar bundan mustasno), tabiiy pitomniklarning, davlat biosfera rezervatlarining, milliy bogʻlarning yerlari, yuqorida koʻrsatilgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning xoʻjalik faoliyati yuritilayotgan yerlari bundan mustasno;
3) sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar (xoʻjalik faoliyati yuritilayotgan yerlar bundan mustasno) — tegishli muassasalar va tashkilotlarga belgilangan tartibda doimiy foydalanishga berilgan, profilaktika va davolash ishlarini tashkil etish uchun qulay tabiiy shifobaxsh omillarga ega boʻlgan yer uchastkalari;
4) rekreatsiya ahamiyatiga molik yerlar (xoʻjalik faoliyati yuritilayotgan yerlar bundan mustasno) — aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun tegishli muassasalar hamda tashkilotlarga berilgan yerlar;
