281-modda. Soliq solinadigan baza
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yer uchastkasining ushbu Kodeks 282-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq soliq solinmaydigan yer uchastkalari maydonlari chegirib tashlangan holdagi umumiy maydoni soliq solinadigan bazadir.
Qaysi yer uchastkalariga boʻlgan mulk huquqi, egalik qilish huquqi, foydalanish huquqi yoki ijara huquqi yil mobaynida soliq toʻlovchiga oʻtgan boʻlsa, oʻsha yer uchastkalari uchun soliq solinadigan baza yer uchastkalariga tegishli huquq vujudga kelganidan keyingi oydan eʼtiboran hisoblab chiqariladi. Yer uchastkasining maydoni kamaytirilgan taqdirda, soliq solinadigan baza yer uchastkasi maydoni kamaytirilgan oydan eʼtiboran kamaytiriladi.
Yuridik shaxslarda yer soligʻi boʻyicha imtiyoz huquqlari vujudga kelgan taqdirda, soliq solinadigan baza ushbu huquq vujudga kelgan oydan eʼtiboran kamaytiriladi. Yer soligʻi boʻyicha imtiyoz huquqi bekor qilingan taqdirda, soliq solinadigan baza ushbu huquq bekor qilinganidan keyingi oydan eʼtiboran hisoblab chiqariladi (koʻpaytiriladi).
Yer soligʻini toʻlovchi yer soligʻini toʻlash nazarda tutilmagan faoliyat turlarini amalga oshirganda, soliq solinadigan baza soliq solinadigan va soliq solinmaydigan yer uchastkalari boʻyicha alohida-alohida hisob yuritish asosida aniqlanadi. Alohida-alohida hisob yuritish imkoniyati boʻlmaganda, soliq solinadigan baza olinadigan sof tushumning umumiy hajmida yer soligʻini toʻlash nazarda tutilgan faoliyatdan olinadigan sof tushumning solishtirma salmogʻidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
