139-modda. Xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklardan olinadigan daromadlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklar deganda faoliyati soliq toʻlovchining asosiy faoliyatiga xizmat koʻrsatishga qaratilgan va mazkur soliq toʻlovchining maqsadi boʻlgan tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq boʻlmagan xoʻjaliklar tushuniladi. Xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklarga yordamchi xoʻjaliklar, uy-joy-kommunal xoʻjaligi, ijtimoiy-madaniy soha obyektlari, oshxonalar va bufetlar, oʻquv kombinatlari hamda shunga oʻxshash xoʻjaliklar, oʻz xodimlariga yoki boshqa shaxslarga xizmatlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi ishlab chiqarishlar va xizmatlar kiradi.
Uy-joy-kommunal xoʻjaligi obyektlariga uy-joy fondi, mehmonxonalar (turistik mehmonxonalar bundan mustasno), boshqa joydan keluvchilar uchun uylar va yotoqxonalar, tashqi obodonlashtirish obyektlari, sunʼiy inshootlar, suv havzalari, plyajlar uchun inshoot hamda jihozlar, shuningdek aholini gaz, issiqlik va elektr bilan taʼminlash obyektlari, uy-joy-kommunal xoʻjaligi, ijtimoiy-madaniy soha, jismoniy tarbiya va sport obyektlariga texnik xizmat koʻrsatish hamda taʼmirlash uchun moʻljallangan uchastkalar, sexlar, bazalar, ustaxonalar, garajlar, maxsus mashinalar va mexanizmlar, omborxonalar kiradi.
Ijtimoiy-madaniy soha obyektlariga sogʻliqni saqlash, madaniyat obyektlari, bolalar maktabgacha tarbiya obyektlari, bolalar dam olish oromgohlari, sanatoriylar (profilaktoriylar), dam olish bazalari, pansionatlar, jismoniy tarbiya va sport obyektlari (shu jumladan treklar, otchoparlar, otxonalar, tennis kortlari, golf, badminton oʻyinlari uchun maydonchalar, sogʻlomlashtirish markazlari), aholiga maishiy xizmat koʻrsatish sohasining ishlab chiqarishga oid boʻlmagan obyektlari (hammomlar, saunalar, kir yuvish, tikish hamda maishiy xizmat koʻrsatuvchi boshqa ustaxonalar) kiradi.
Xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklardan olinadigan daromadlar xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklar tomonidan xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan (olinadigan) mablagʻlar summasi va xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklar faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar summasi oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
