140-modda. Kursdagi ijobiy farq
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Valyuta hisobvaraqlari boʻyicha, shuningdek chet el valyutasidagi operatsiyalar boʻyicha kursdagi ijobiy farq buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi hollarda daromadlar tarkibiga kiritiladi:
chet el valyutasiga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtayotgan sanada shu chet el valyutasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursdan yuqori bahoda sotilganda;
chet el valyutasiga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtayotgan sanada shu chet el valyutasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursdan past bahoda sotib olinganda;
chet el valyutasi kursidagi oʻzgarish munosabati bilan balansning valyutaga oid moddalari tegishli hisobot davri uchun qayta baholanganda.
Baholari chet el valyutasida belgilangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun oʻzaro hisob-kitoblarni milliy valyutada amalga oshiradigan soliq toʻlovchilar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilingan yoki olingan sanadan ushbu tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) haq toʻlangan sanagacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursdagi oʻzgarish munosabati bilan yuzaga keluvchi ijobiy farq tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) haq toʻlangan sanadagi jami daromad tarkibiga buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq kiritiladi.
