141-modda. Xarajatlarni guruhlash
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻlovchining xarajatlari soliq solinadigan foydani aniqlash paytida chegirib tashlanadi, ushbu Kodeksga muvofiq chegirib tashlanmaydigan xarajatlar bundan mustasno.
Asoslangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlar, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa, qonun hujjatlariga va (yoki) soliq toʻlovchining hisobga olish siyosatiga muvofiq rasmiylashtirilgan zararlar ham soliq toʻlovchining xarajatlari boʻladi.
Soliq toʻlovchining xarajatlari haqiqatda qaysi soliq davrida amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha davrda chegirib tashlanadi. Agar ayni bir xil xarajatlar xarajatlarning bir nechta moddasida nazarda tutilgan boʻlsa, soliq solinadigan foydani hisoblashda mazkur xarajatlar faqat bir marta chegirib tashlanadi.
Soliq toʻlovchi sarflagan va qiymati chet el valyutasida ifodalangan xarajatlar qiymati milliy valyutada ifodalangan xarajatlar bilan jamlab hisobga olinadi. Mazkur xarajatlarni qayta hisoblash soliq toʻlovchi tomonidan buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchining xarajatlari chegirib tashlanadigan va chegirib tashlanmaydigan xarajatlarga boʻlinadi.
Chegirib tashlanadigan xarajatlar quyidagilardir:
1) ushbu Kodeksning 142-moddasiga muvofiq moddiy xarajatlar;
2) ushbu Kodeksning 143-moddasiga muvofiq mehnatga haq toʻlash xarajatlari;
3) ushbu Kodeksning 144-moddasiga muvofiq amortizatsiya xarajatlari;
4) ushbu Kodeksning 145-moddasiga muvofiq boshqa xarajatlar;
5) ushbu Kodeksning 146-moddasiga muvofiq kelgusida soliq solinadigan foydadan chegirib tashlanadigan hisobot davridagi xarajatlar.
Soliq toʻlovchining ushbu moddaning oltinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan xarajatlari, agar ular ushbu Kodeksning 147-moddasida koʻrsatilgan chegirib tashlanmaydigan biron bir xarajat tarkibida hisobga olinsa (uning bir qismi boʻlsa), chegirib tashlanadigan xarajatlar boʻlmaydi.
Quyidagilarga soliq toʻlovchining xarajati sifatida qaralmaydi:
1) vositachilik, topshiriq shartnomasi yoki vositachilik xizmatlarini koʻrsatish uchun boshqa shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilishi munosabati bilan, shuningdek komitent yoki boshqa topshiriq beruvchi uchun vositachi va (yoki) boshqa ishonchli vakil tomonidan qilingan xarajatlarga haq toʻlash hisobiga vositachi va (yoki) boshqa ishonchli vakil tomonidan topshirilgan mol-mulk tarzidagi toʻlovlar, agar bunday xarajatlar tuzilgan shartnomalarning shartlariga muvofiq vositachi yoki boshqa ishonchli vakilning yoxud boshqa topshiriq beruvchining xarajatlari tarkibiga kiritilishi lozim boʻlmasa;
