142-modda. Moddiy xarajatlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Moddiy xarajatlarga quyidagilar kiradi:
1) xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va yarim tayyor mahsulotlar;
2) ishlab chiqarilgan va (yoki) realizatsiya qilinadigan tovarlarni oʻrash va boshqacha tayyorlash uchun, shu jumladan sotuv oldidan tayyorlash uchun, boshqa ishlab chiqarish va xoʻjalik ehtiyojlari uchun materiallar, uskunalar hamda boshqa mol-mulkni taʼmirlash uchun materiallar va ehtiyot qismlar;
3) inventar, xoʻjalik anjomlari, amortizatsiya qilinadigan mol-mulk boʻlmagan boshqa mol-mulk;
4) soliq toʻlovchining texnologik, transport, boshqa ishlab chiqarish va xoʻjalik ehtiyojlari uchun sarflanadigan barcha turdagi yoqilgʻi, energiya, shu jumladan soliq toʻlovchining oʻzi tomonidan ishlab chiqarish hamda xoʻjalik ehtiyojlari uchun barcha turdagi energiyani hosil qilish, binolarni isitish, shuningdek energiyani bir shakldan oʻzga shaklga oʻtkazish va uzatish xarajatlari;
5) yerlarni rekultivatsiya qilish va tabiatni muhofaza qilishning boshqa tadbirlari uchun xarajatlar;
6) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan normalar doirasida suv xoʻjaligi tizimlaridan soliq toʻlovchilar tomonidan isteʼmol qilinadigan suv uchun toʻlov;
7) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli organ yoki soliq toʻlovchi tomonidan tasdiqlangan normalar doirasida ishlab chiqarish va (yoki) tashish chogʻidagi texnologik yoʻqotishlar;
8) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatli organ yoki soliq toʻlovchi tomonidan tasdiqlangan tabiiy kamayish normalari doirasida tovar-moddiy zaxiralarni saqlash hamda tashish chogʻidagi yoʻqotishlar va buzilishlar.
Moddiy xarajatlarga kiritiladigan tovar-moddiy zaxiralarning qiymati buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Agar yetkazib beruvchidan qabul qilingan qaytariladigan tara qiymati olingan tovar-moddiy zaxiralar narxiga qoʻshilgan boʻlsa, qaytariladigan tara qiymati ularning ehtimol tutilgan foydalanilishi yoki ularni realizatsiya qilish narxi boʻyicha ularni sotib olish uchun qilingan xarajatlarning umumiy summasidan chiqarib tashlanadi. Mahsulot yetkazib beruvchidan tovar-moddiy zaxiralar bilan qabul qilingan hamda qaytarilmaydigan tara va oʻrov idishlari qiymati ularni sotib olish xarajatlari summasiga kiritiladi. Tarani qaytariladigan yoki qaytarilmaydigan tara jumlasiga kiritish tovar-moddiy zaxiralarni sotib olish shartnomasi (kontrakti) shartlari bilan belgilanadi.
