143-modda. Mehnatga haq toʻlash xarajatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Mehnatga haq toʻlash xarajatlariga quyidagilar kiradi:
1) haqiqatda bajarilgan ish uchun mehnatga haq toʻlashning qabul qilingan shakllari va tizimlariga muvofiq ishbay narxlar, tarif stavkalari va mansab maoshlaridan kelib chiqqan holda hisoblangan ish haqi;
2) ilmiy daraja va faxriy unvon uchun ustamalar;
3) predmeti ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish boʻlgan fuqarolik-huquqiy tusda tuzilgan shartnomalarga muvofiq jismoniy shaxslarga toʻlanadigan toʻlovlar, bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomalar mustasno;
4) yuridik shaxsning boshqaruv organi (kuzatuv kengashi yoki boshqa shunga oʻxshash organi) aʼzolariga yuridik shaxsning oʻzi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar;
5) ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlovlar:
a) yillik ish yakunlari boʻyicha mukofot;
b) yuridik shaxsning mukofotlash toʻgʻrisidagi lokal hujjatlarida nazarda tutilgan toʻlovlar;
v) kasb mahorati, murabbiylik uchun tarif stavkalariga va mansab maoshlariga ustamalar;
g) koʻp yil ishlaganlik uchun pul mukofoti va toʻlovlar;
d) ratsionalizatorlik takliflari uchun toʻlovlar;
e) mehnat natijalari bilan bogʻliq boʻlmagan bir yoʻla beriladigan mukofotlar;
j) taʼtilga qoʻshimcha haqlar va ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan moddiy yordam;
6) kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiya):
a) qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay boʻlgan joylardagi ishlar bilan bogʻliq qoʻshimcha toʻlovlar (ish staji uchun ustamalar, baland togʻli, choʻl va suvsiz hududlarda ishlaganlik uchun belgilangan koeffitsiyentlar boʻyicha toʻlovlar);
b) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan kasblar va ishlar roʻyxati boʻyicha ogʻir, zararli, oʻta zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun ustamalar, shu jumladan shunday sharoitlardagi uzluksiz ish staji uchun ish haqiga ustamalar;
v) texnologik jarayon jadvalida nazarda tutilgan tungi vaqtda, ish vaqtidan tashqari dam olish kunlarida va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishlaganlik uchun tarif stavkalariga hamda mansab maoshlariga ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar;
g) koʻp smenali rejimda ishlaganlik, shuningdek bir necha kasbda, lavozimda ishlaganlik, xizmat koʻrsatish doirasi kengayganligi, bajariladigan ishlar hajmi ortganligi, oʻzining asosiy ishi bilan bir qatorda ishda vaqtincha boʻlmagan xodimlarning vazifalarini bajarganlik uchun ustamalar;
