294-modda. Soliq toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yer soligʻi yer uchastkasining mulkdori, yerga egalik qiluvchi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachining yashash joyidan qatʼi nazar, yer uchastkasi joylashgan hududdagi tuman yoki shaharning mahalliy budjetiga toʻlanadi.
Yil mobaynida ajratilgan yer uchastkalari uchun yer soligʻi jismoniy shaxslar tomonidan yer uchastkasi ajratilganidan keyingi oydan eʼtiboran toʻlanadi.
Yer uchastkasi maydoni kamaytirilgan taqdirda, yer soligʻini toʻlash yer uchastkasi kamaytirilgan oydan eʼtiboran toʻxtatiladi (kamaytiriladi).
Yer soligʻi boʻyicha imtiyozlar belgilangan taqdirda, bu soliq imtiyoz huquqi vujudga kelgan oydan eʼtiboran toʻlanmaydi. Yer soligʻi boʻyicha imtiyozlarga boʻlgan huquqlar bekor qilingan taqdirda, bu soliq mazkur huquq bekor qilinganidan keyingi oydan eʼtiboran toʻlana boshlaydi.
Belgilangan tartibda berilgan yer uchastkalari uchun yer soligʻi yer uchastkasidan foydalanish faktidan qatʼi nazar, jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadi.
Soliq davri uchun yer soligʻi toʻlash jismoniy shaxslar tomonidan hisobot yilining 15-oktabriga qadar amalga oshiriladi.
