214-modda. Chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarga rasmiy foydalanishi uchun realizatsiya qilinayotgan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) soliq solish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Chet el tarafi oʻzarolik prinsipiga amal qilgan taqdirda, chet el diplomatik vakolatxonalari hamda ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning rasmiy foydalanishi uchun, shuningdek bu vakolatxonalar diplomatik va maʼmuriy-texnik xodimlarining, shu jumladan ular bilan birga yashayotgan oila aʼzolarining, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasalar hamda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashayotgan boʻlmasalar, shaxsiy foydalanishi uchun realizatsiya qilinayotgan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) nol darajali stavka boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik korpusga xizmat koʻrsatish byurosi tomonidan keyinchalik chet el diplomatik vakolatxonalari va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarga realizatsiya qilish uchun olinayotgan tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) nol darajali stavka boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda nol darajali stavka qoʻllanilishi tatbiq etiladigan Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan chet el diplomatik vakolatxonalarining va diplomatik vakolatxonalariga tenglashtirilgan xalqaro tashkilotlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
