208-modda. Soliqdan ozod etiladigan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Qoʻshilgan qiymat soligʻidan, agar ushbu Kodeksning 212-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa quyidagi realizatsiya qilish oborotlari ozod etiladi:
1) yuridik va jismoniy shaxslarga muayyan huquqlar berilganda davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda vakolatli tashkilotlar tomonidan koʻrsatiladigan, davlat boji, patent boji, yigʻim yoki boshqa toʻlovlar undiriladigan xizmatlar;
2) maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarni tarbiyalashga doir xizmatlar;
3) bemorlar va keksalarni parvarish qilishga doir xizmatlar;
4) dafn etish byurolari va qabristonlarning marosim xizmatlari, diniy ashyolarni realizatsiya qilish, diniy tashkilotlar hamda birlashmalarning udumlar va marosimlar oʻtkazishga doir xizmatlari;
5) protez-ortopediya buyumlari, nogironlar uchun moʻljallangan inventarlar, shu jumladan ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinayotgan buyumlar va inventarlar, shuningdek nogironlarga koʻrsatilayotgan ortopedik protezlash xizmatlari, protez-ortopediya buyumlari va nogironlar uchun moʻljallangan inventarlarni taʼmirlash hamda ulardan foydalanishga doir ishlar boʻyicha xizmatlar;
6) davolash muassasalari huzuridagi davolash-ishlab chiqarish ustaxonalarining mazkur muassasalar tomonidan realizatsiya qilinadigan mahsulotlari;
7) pochta markalari (kolleksiya qilinadiganlaridan tashqari), markali otkritkalar, konvertlar;
8) aloqa tashkilotlarining pensiya va nafaqalar toʻlash boʻyicha xizmatlari;
9) budjet mablagʻlari hisobidan bajariladigan ilmiy-tadqiqot va innovatsiya ishlari. Ushbu imtiyozni olish uchun tegishli moliya organining budjetdan mablagʻlar ajratish toʻgʻrisidagi xulosasi asosdir;
10) shahar yoʻlovchilar transportining xizmatlari (taksidan, shu jumladan yoʻnalishli taksidan tashqari), shuningdek temir yoʻl va umumiy foydalanishdagi avtomobil transportida (taksidan, shu jumladan yoʻnalishli taksidan tashqari) shahar atrofidagi yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashish xizmatlari. Shahar yoʻlovchilar transportining xizmatlari jumlasiga yoʻlovchilar tashish boʻyicha avtomobil va elektr transporti bilan shahar doirasida muayyan yoʻnalishlar boʻyicha qatnov jadvaliga binoan koʻrsatiladigan xizmatlar kiradi. Ushbu bandning qoidalari yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmalariga koʻra shahar yoʻlovchilar tashish transportida xodimlarni ishdan va (yoki) ishga tashish boʻyicha xizmatlarga, tadbirlar oʻtkazish uchun tashish boʻyicha xizmatlarga, shu jumladan shahar tashqarisiga tashishga ham tatbiq etiladi;
