207-modda. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentidan olinadigan ishlar, xizmatlarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan taqdim etilgan ishlar, xizmatlar, agar ularning realizatsiya qilish joyi Oʻzbekiston Respublikasi boʻlsa va ushbu Kodeksga muvofiq ularga qoʻshilgan qiymat soligʻi solinishi kerak boʻlsa, ishlarni, xizmatlarni oluvchi Oʻzbekiston Respublikasi soliq toʻlovchisining soliq solinadigan oborotidir.
Ishlar, xizmatlarni oluvchida soliq solinadigan baza ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentiga toʻlanishi lozim boʻlgan summadan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromad boʻyicha toʻlov manbaida ushlab qolinishi lozim boʻlgan soliq summasi chegirib tashlanmagan holda belgilanadi.
Ushbu moddaga muvofiq budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻining summasi belgilangan stavka va soliq solinadigan bazadan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Olingan ishlar, xizmatlar uchun haq toʻlash chet el valyutasida amalga oshirilgan taqdirda, soliq solinadigan oborot bu oborot amalga oshirilgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs boʻyicha milliy valyutada qayta hisoblab chiqiladi.
Ushbu moddaga binoan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov hujjati ushbu Kodeksning 218-moddasiga muvofiq soliq summasini hisobga olish huquqini beradi.
Agar bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar ushbu Kodeksning 208, 209 va 210-moddalarida sanab oʻtilgan ishlardan, xizmatlardan iborat boʻlsa, ushbu modda qoidalari qoʻllanilmaydi.
