44-modda. Soliq hisobotini tuzish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq hisoboti qogʻozda va (yoki) elektron hujjatga doir talablarga rioya etilgan holda elektron hujjat tarzida tuziladi.
Soliq hisoboti soliq toʻlovchi tomonidan imzolanishi kerak, shuningdek agar u tadbirkorlik subyekti boʻlmagan yuridik shaxs boʻlsa, uning muhri bilan tasdiqlanadi. Elektron hujjat tarzida taqdim etilgan soliq hisoboti soliq toʻlovchining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Yuridik shaxs — soliq toʻlovchi qayta tashkil etilayotganda yoki tugatilayotganda, har bir qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan soliq toʻlovchiga soliq davri boshlanganidan eʼtiboran qayta tashkil etish yoki tugatish tugallangan kunga qadar boʻlgan davr yuzasidan tegishincha topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoxud tugatish balansi asosida alohida-alohida soliq hisoboti tuziladi. Mazkur hisobot topshirish dalolatnomasi, taqsimlash balansi yoki tugatish balansi tasdiqlangan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida taqdim etiladi. Ushbu qismning qoidalari oʻzgartirish, shuningdek boshqa yuridik shaxsni qoʻshib olish orqali qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs ixtiyoriy tugatilgan taqdirda, unga soliq davri boshlanganidan to yuridik shaxslarni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tugatish tartib-taomili boshlanganligi haqida xabardor qilingan sanagacha boʻlgan muddat uchun alohida soliq hisoboti tuziladi.
Soliq hisobotida koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik soliq toʻlovchining zimmasiga yuklatiladi.
