254-modda. Tijoratbop topilma bonusi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Tijoratbop topilma bonusi tegishli litsenziyada koʻrsatilgan yer qaʼri uchastkasida foydali qazilma konlarining har bir tijoratbop topilmasi uchun, shu jumladan dastlabki belgilangan ajratib olinayotgan zaxiralarni koʻpaytirishga olib keluvchi konlarni qoʻshimcha qidirish oʻtkazish chogʻidagi foydali qazilmalar topilmasi uchun toʻlanadigan toʻlovdir. Tijoratbop topilma bonusi, agar avval mazkur kon boʻyicha tijoratbop topilma bonusi toʻlanmagan boʻlsa, foydali qazilmalarni kavlab olish huquqini olishda yer qaʼridan foydalanuvchilar tomonidan ham toʻlanadi.
Foydali qazilma konlarini keyinchalik ularni kavlab olishni nazarda tutmaydigan qidirish oʻtkazishda tijoratbop topilma bonusi toʻlanmaydi.
Vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan konda foydali qazilmalarning qazib olinadigan zaxiralari hajmi soliq solish obyektidir.
Foydali qazilmalar zaxiralarining qazib olinadigan hajmining qiymati soliq solinadigan bazadir. Foydali qazilmalar zaxiralarining qazib olinadigan hajmining qiymati quyidagicha hisoblab chiqiladi:
Tovar bozorlarida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning davlat reyestriga kiritilgan yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun — foydali qazilmaning mazkur turi uchun tasdiqlangan deklaratsiya qilingan narxi boʻyicha;
boshqa yer qaʼridan foydalanuvchilar uchun — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xalqaro birjada belgilangan birja narxi boʻyicha, jahon bozorida narx mavjud boʻlmagan taqdirda esa, foydali qazilmalar zaxiralarining qazib olinadigan hajmining qiymati — belgilangan tartibda kelishilgan tegishli konni sanoat yoʻsinida oʻzlashtirish boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslarda nazarda tutilgan kavlab olishning ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqib, uni 20 foiz oshirgan holda.
Foydali qazilmalar zaxiralarining qazib olinadigan hajmining qiymatini aniqlash va tijoratbop topilma bonusini toʻlash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Tijoratbop topilma bonusining hisob-kitobi soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziya olingan kundan eʼtiboran yigirma besh kundan kechiktirmay soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etiladi.
Tijoratbop topilma bonusini toʻlash foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziya olingan kundan eʼtiboran toʻqson kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
