123-modda. Shikoyat berish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Davlat soliq xizmati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organiga (yuqori turuvchi mansabdor shaxsiga) shikoyat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organiga shikoyat berilganligi shunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi.
Davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organiga yoki sudga shikoyat berish tegishincha shikoyat boʻyicha davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organi tomonidan qaror qabul qilinguniga yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar shikoyat qilinayotgan qarorni yoki harakatni ijro etishni, shu jumladan qoʻshimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni undirishni, shuningdek moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilishini toʻxtatib turadi. Soliq toʻlovchi qaysi davlat soliq xizmati organining qarori yoki mansabdor shaxsining harakatlari ustidan shikoyat qilayotgan boʻlsa, oʻsha organni davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organiga yoki sudga shikoyat berganligi toʻgʻrisida tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda xabardor qilishi shart.
