216-modda. Xalqaro yoʻnalishda tashishlarga soliq solish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Xalqaro yoʻnalishda tashishlar boʻyicha koʻrsatiladigan quyidagi xizmatlarni realizatsiya qilish oborotiga nol darajali stavka boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadi:
tranzit yuklarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tashish. Tranzit yuklarni tashish jumlasiga yukning tranzitini amalga oshirish uchun chet ellik shaxslar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan shartnomalar yoki xalqaro (idoralararo) transport bitimlari hamda bojxona organlarining mazkur tranzit yuklar haqiqatda olib kirilganligi va olib chiqilganligi toʻgʻrisida belgilari mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali chet el tranzit yuklarini tashish va ularga xizmat koʻrsatishga doir xizmatlar kiradi;
yoʻlovchilar, bagajlar, yuklar va pochtani xalqaro yoʻnalishda tashish. Agar joʻnatish punkti yoki tayin etilgan punkt Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan boʻlsa, tashishlar yagona xalqaro tashish hujjatlari asosida rasmiylashtirilgan taqdirda, xalqaro yoʻnalishlarda tashish hisoblanadi.
