171-modda. Jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Jismoniy shaxslarning jami daromadiga quyidagilar kiradi:
1) mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar;
2) mulkiy daromadlar;
3) moddiy naf tarzidagi daromadlar;
4) boshqa daromadlar.
Yuridik shaxslar amalga oshiradigan quyidagi xarajatlar jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi:
1) mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda band boʻlgan xodimlarni mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan shoʻr suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlash xarajatlari;
2) kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar, shu jumladan aʼzolik badallari hisobidan kasaba uyushmasi aʼzolariga beriladigan moddiy yordam, bundan kasaba uyushmasi qoʻmitasining xodimlariga mehnat vazifalarini bajarganlik uchun beriladigan pul mukofotlari va boshqa toʻlovlar mustasno;
3) xodimlarni ish joyiga olib kelish va qaytarib olib ketish xarajatlari;
4) diniy rasm-rusumlar va marosimlarni, bayram tantanalarini oʻtkazish, vakillik xarajatlari, shahar yoʻlovchilar transportida xodimlarning xizmat qatnovlari uchun foydalaniladigan yoʻl kartochkalarini olish, shuningdek yuridik shaxsning xodimlarning mehnat va dam olish sharoitlarini taʼminlash bilan bogʻliq hamda muayyan jismoniy shaxslarning daromadi hisoblanmaydigan boshqa xarajatlar;
5) xodimga xizmat vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, formali kiyim-bosh berish xarajatlari yoki ularni pasaytirilgan baholarda sotish munosabati bilan qilingan xarajatlar, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ayrim toifadagi xodimlarni oʻz xizmat vazifalarini bajarishi chogʻida oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlari;
6) xodim boshqa joyga ishga oʻtkazilganda yoxud koʻchib borganda koʻchish, mol-mulkini koʻchirib borish, joy ijarasi (yoʻl xarajatlari uchun beriladigan pul) bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash yoki bu xarajatlarning oʻrnini qoplash xarajatlari;
7) xizmat safarlaridagi quyidagi kompensatsiya toʻlovlari:
tasdiqlovchi hujjatlar asosida xizmat safari joyiga borish va u yerdan qaytib kelish uchun, shu jumladan joy band qilish uchun haq toʻlashni qoʻshgan holda haqiqatda amalga oshirilgan toʻlovlar. Yoʻl hujjatlari boʻlmagan taqdirda, temir yoʻl transportidagi (agar temir yoʻl qatnovi boʻlmasa, shaharlararo avtobusdagi) yoʻl haqi qiymati miqdorida, biroq aviachipta qiymatining 30 foizidan oshmaydigan miqdorda;
