172-modda. Mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ish beruvchi bilan mehnatga oid munosabatlarda boʻlgan va tuzilgan mehnat shartnomasiga (kontraktiga) muvofiq ishlarni bajarayotgan jismoniy shaxslarga hisoblanadigan va toʻlanadigan barcha toʻlovlar mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar deb eʼtirof etiladi:
mehnatga haq toʻlashning qabul qilingan shakllari va tizimlariga muvofiq ishbay narxlar, tarif stavkalari va mansab maoshlaridan kelib chiqqan holda haqiqatda bajarilgan ish uchun hisoblangan ish haqi;
ilmiy daraja va faxriy unvon uchun qoʻshimcha toʻlovlar;
ushbu Kodeksning 173-moddasiga muvofiq ragʻbatlantirish xususiyatiga ega toʻlovlar;
ushbu Kodeksning 174-moddasiga muvofiq kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiya);
ushbu Kodeksning 175-moddasiga muvofiq ishlanmagan vaqt uchun haq toʻlash.
Mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlarga quyidagilar ham kiradi:
predmeti ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish boʻlgan fuqarolik-huquqiy tusda tuzilgan shartnomalarga muvofiq jismoniy shaxslarga (ushbu Kodeks 169-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar bundan mustasno) toʻlovlar;
yuridik shaxsning boshqaruv organi (kuzatuv kengashi yoki boshqa shunga oʻxshash organi) aʼzolariga yuridik shaxsning oʻzi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar;
Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilariga, ichki ishlar organlarining oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining xodimlariga xizmatni oʻtashi (xizmat majburiyatlarini bajarishi) munosabati bilan toʻlanadigan pul taʼminoti, pul mukofotlari va boshqa toʻlovlar.
