2263-modda. Soliqni hisoblab chiqarish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibi doirasida quyidagilar soliq solish obyekti hisoblanadi:
1) ushbu Kodeksning 199 va 200-moddalarida belgilangan tartibda aniqlanadigan soliq solinadigan oborot. Bunda ushbu Kodeksning 38-bobida nazarda tutilgan, nol darajali stavka boʻyicha soliq solinadigan oborot qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibi doirasida soliq solinmaydigan oborot hisoblanadi.
2) ushbu Kodeksning 201-moddasida belgilangan tartibda aniqlanadigan soliq solinadigan import.
Realizatsiya qilish oboroti amalga oshirilgan sana ushbu Kodeksning 203-moddasida belgilangan tartibda aniqlanadi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibi doirasida soliq solinadigan baza realizatsiya qilinayotgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati asosida, unga qoʻshilgan qiymat soligʻini kiritmasdan belgilanadi.
Qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlashning soddalashtirilgan tartibi doirasida soliq toʻlovchining soliq solinadigan bazasiga tuzatish kiritish ushbu Kodeksning 205-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Soliq solinadigan oborotlar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq aniqlangan soliq solinadigan baza va ushbu Kodeksning 2264-moddasida belgilangan farqlangan stavkalardan kelib chiqqan holda ushbu Kodeksning 39-bobida nazarda tutilgan soliqni hisobga olishni qoʻllamasdan hisoblab chiqariladi.
Ushbu Kodeksga asosan zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti tomonidan amalga oshiriladigan soliq solinadigan oborotlar uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlash boʻyicha majburiyat yuklatiladigan, shuningdek tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga import qiluvchi yuridik shaxslar qoʻshilgan qiymat soligʻini ushbu Kodeksning 206 va 207-moddalarida nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda mazkur Kodeksning 2111-moddasida belgilangan stavkalar boʻyicha hisoblab chiqaradi.
