763-modda. Davlat soliq xizmati organining asoslantirilgan fikri
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Davlat soliq xizmati organining asoslantirilgan fikri deganda (bundan buyon matnda asoslantirilgan fikr deb yuritiladi) soliq toʻlovchi tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi masalalari yuzasidan davlat soliq xizmati organining fikrini aks ettiruvchi hujjat tushuniladi.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar notoʻgʻri hisoblanganligi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanmaganligi aniqlanganda asoslantirilgan fikr davlat soliq xizmati organining tashabbusi bilan tuziladi.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi borasida soliq toʻlovchida shubhalar mavjud boʻlganda, u soliq monitoringini oʻtkazayotgan davlat soliq xizmati organiga mazkur masalalar yuzasidan oʻz fikrini bayon etgan holda, asoslantirilgan fikrni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrov yuborishga haqli.
Asoslantirilgan fikr soʻrov olingan kundan eʼtiboran bir oy ichida yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Soliq toʻlovchi asoslantirilgan fikrni olgan kundan eʼtiboran bir oy ichida davlat soliq xizmati organini ushbu fikrga roziligi toʻgʻrisida uning ijrosini tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, xabardor qiladi.
Soliq toʻlovchi asoslantirilgan fikrga rozi boʻlmagan taqdirda, oʻz eʼtirozlarini asoslantirilgan fikrni olgan kundan eʼtiboran bir oy ichida davlat soliq xizmati organiga taqdim etadi.
Davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchining eʼtirozlari olingan kundan eʼtiboran uch kun ichida ularni birgalikda muhokama qilish jarayonini boshlash va oʻzaro kelishuv tuzish uchun yuqori turuvchi davlat soliq xizmati organiga yuboradi.
