762-modda. Soliq monitoringini amalga oshirish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq monitoringi soliq toʻlovchining soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Soliq monitoringi soliq toʻlovchining huzuriga bormasdan davlat soliq xizmati organi joylashgan yerda amalga oshiriladi.
Soliq toʻlovchi soliq monitoringida ishtirok etish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etgan yildan keyingi yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar boʻlgan kalendar yil soliq monitoringining davri hisoblanadi.
Soliq monitoringi soliq monitoringi amalga oshiriladigan yilning 1-yanvaridan boshlanib, keyingi yilning 1-iyuniga qadar amalga oshiriladi.
Soliq monitoringini amalga oshirishda davlat soliq xizmati organi soliq toʻlovchidan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi bilan bogʻliq zarur hujjatlar, maʼlumotlar, tushuntirishlarni talab qilib olishga haqli.
Talab qilib olinadigan hujjatlar, maʼlumotlar va tushuntirishlar davlat soliq xizmati organiga yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda taqdim etiladi.
Soliq monitoringi jarayonida talab qilib olinadigan hujjatlar, maʼlumotlar va tushuntirishlar soliq toʻlovchi tomonidan tegishli talabnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda taqdim etilishi kerak.
Talab qilib olinadigan hujjatlarni, maʼlumotlarni va tushuntirishlarni ushbu moddaning yettinchi qismida belgilangan muddat ichida taqdim etish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, soliq toʻlovchi bu haqda sabablarini koʻrsatgan holda tegishli davlat soliq xizmati organini talabnomani olgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddatda yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda xabardor qilishi shart.
