761-modda. Soliq monitoringining umumiy qoidalari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Ushbu Kodeksga muvofiq soliq monitoringining predmeti soliq monitoringida ishtirok etayotgan soliq toʻlovchi tomonidan soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning toʻgʻri hisoblanishi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishidan iboratdir.
Soliq monitoringi oʻtgan yil yakunlariga koʻra, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish joriy yilning 1-yanvar holatiga koʻra bazaviy hisoblash miqdorining yetmish ming baravari miqdoridan ortiqni tashkil etgan soliq toʻlovchiga nisbatan amalga oshirilishi mumkin.
Soliq monitoringi soliq toʻlovchining soliq monitoringida ishtirok etish toʻgʻrisidagi arizasi boʻyicha davlat soliq xizmati organi bilan soliq toʻlovchi oʻrtasidagi oʻzaro axborot almashinuvi reglamentiga muvofiq davlat soliq xizmati organining soliq monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori asosida amalga oshiriladi.
Arizaning shakli va oʻzaro axborot almashinuvi reglamenti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Soliq toʻlovchi tomonidan keyingi yilda soliq monitoringida ishtirok etish toʻgʻrisidagi ariza soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga joriy yilning 1-iyulidan kechiktirmasdan yozma shaklda, shu jumladan elektron shaklda taqdim etiladi.
Mazkur arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha davlat soliq xizmati organi soliq monitoringini amalga oshirish yoki amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisida bir oy ichida qaror qabul qiladi.
Soliq monitoringini amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror asoslangan boʻlishi kerak. Soliq monitoringini amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish uchun soliq toʻlovchi tomonidan soliq monitoringini amalga oshirish toʻgʻrisidagi ariza oʻz vaqtida taqdim etilmaganligi yoki belgilanmagan shaklda taqdim etilganligi, shuningdek reglament talablariga rioya etilmaganligi asos boʻladi.
Soliq monitoringini amalga oshirish yoki amalga oshirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror u qabul qilingan kunda soliq toʻlovchiga yozma shaklda, shu jumladan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
