76-modda. Soliq siri
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq toʻlovchi toʻgʻrisida olingan har qanday maʼlumot soliq sirini tashkil etadi, quyidagi maʼlumotlar bundan mustasno:
1) soliq toʻlovchining oʻzi oshkor etgan yoki uning yozma roziligi bilan oshkor etilgan maʼlumotlar;
2) soliq toʻlovchining nomi va identifikatsiya raqami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
3) yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganligi va bu qonunbuzarlik uchun qoʻllanilgan javobgarlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning soliq yoki tegishli boshqa organlariga taqdim etiladigan maʼlumotlar (ushbu organlarga taqdim etilgan maʼlumotlarga doir qismi).
Soliq siri oshkor etilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Soliq sirini oshkor etishga, xususan, soliq toʻlovchining davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsiga, jalb etilgan ekspertga yoki tarjimonga ular oʻz vazifalarini bajarayotganda maʼlum boʻlib qolgan ishlab chiqarish yoki tijorat siridan foydalanish yoxud uni boshqa shaxsga berish kiradi.
Davlat soliq xizmati organlariga kelib tushgan, soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar saqlash va foydalanishning maxsus rejimiga ega boʻladi.
Davlat soliq xizmati organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatdagi mansabdor shaxslari soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlardan foydalanish huquqiga ega.
Soliq sirini tashkil etuvchi maʼlumotlari boʻlgan hujjatlarning yoʻqotilganligi yoki bunday maʼlumotlarning oshkor etilganligi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.
