125-modda. Shikoyatni davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organi tomonidan koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Davlat soliq xizmati organining qarori, uning mansabdor shaxsining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan berilgan shikoyat davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organi tomonidan shikoyat olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmasdan koʻrib chiqiladi.
Davlat soliq xizmati organining qarori, uning mansabdor shaxsining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan berilgan shikoyatni koʻrib chiqish yakunlariga binoan davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organi quyidagilarga haqli:
shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirish;
davlat soliq xizmati organining shikoyatga sabab boʻlgan qarorini bekor qilish yoki oʻzgartirish.
Davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organi davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining harakatlari yoki harakatsizligi ustidan berilgan shikoyatni koʻrib chiqish yakunlariga binoan mazmunan qaror chiqarishga haqli.
Davlat soliq xizmati yuqori turuvchi organining shikoyat yuzasidan qarori oʻttiz kun ichida qabul qilinadi. Shikoyat bergan shaxsga qabul qilingan qaror toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida yozma shaklda maʼlum qilinadi.
