126-modda. Soliq toʻlovchilar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Foyda soligʻi toʻlovchi yuridik shaxslar quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari;
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan yoki hosil boʻlish manbai Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan daromadlarni oladigan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari.
Quyidagilar yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi toʻlovchilar boʻlmaydi:
notijorat tashkilotlar. Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan daromadlar, shuningdek ushbu Kodeks 132-moddasi birinchi qismining 2, 3 va 15-bandlarida koʻrsatilgan daromadlar olinganda notijorat tashkilotlar mazkur daromadlarga taalluqli qism boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlovchilar boʻladi. Bunda ushbu Kodeksning 132-moddasida koʻrsatilgan boshqa daromadlarni olganlik tadbirkorlik faoliyati sifatida qaralmaydi. Dividendlar va foizlarga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda toʻlov manbaida soliq solinadi;
agar ushbu Kodeksning XX boʻlimida boshqacha qoidalar nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishning soddalashtirilgan tartibi nazarda tutilgan yuridik shaxslar.
