132-modda. Boshqa daromadlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Boshqa daromadlarga, agar ushbu Kodeks 130-moddasining beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan bogʻliq boʻlmagan operatsiyalardan olinadigan daromadlar kiradi, ular quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1) soliq toʻlovchining ushbu Kodeksning 133-moddasiga muvofiq asosiy vositalari va boshqa mol-mulki chiqib ketishidan olinadigan daromadlar;
2) ushbu Kodeks 134-moddasining birinchi qismiga muvofiq mol-mulkni operativ ijaraga berishdan olinadigan daromadlar;
3) ushbu Kodeks 134-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarni moliyaviy ijaraga berishdan olinadigan daromadlar;
4) ushbu Kodeksning 135-moddasiga muvofiq tekin olingan mol-mulk, mulkiy huquqlar, shuningdek ishlar va xizmatlar;
5) inventarizatsiya natijasida aniqlangan ortiqcha tovar-moddiy zaxiralar hamda boshqa mol-mulk qiymati tariqasidagi daromadlar;
6) hisobot yilida aniqlangan oʻtgan yillardagi daromadlar;
7) ushbu Kodeksning 136-moddasiga muvofiq majburiyatlarni hisobdan chiqarishdan olinadigan daromadlar;
8) ushbu Kodeksning 137-moddasiga muvofiq talablardan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha olingan daromadlar;
9) ushbu Kodeksning 138-moddasiga muvofiq ilgari chegirib tashlangan xarajatlarning yoki zararlarning oʻrnini qoplash tarzidagi daromadlar;
10) ushbu Kodeksning 139-moddasiga muvofiq xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklardan olinadigan daromadlar;
11) ushbu Kodeks 157-moddasining birinchi qismiga muvofiq birgalikdagi faoliyatda ishtirok etishdan olinadigan daromadlar;
12) undirib olingan yoki qarzdor tomonidan tan olingan jarimalar va penya, shuningdek qonuniy kuchga kirgan sud hujjati asosida qarzdor tomonidan toʻlanishi lozim boʻlgan jarimalar va penya;
13) ushbu Kodeksning 140-moddasiga muvofiq kursdagi ijobiy farq;
14) dividendlar va foizlar;
15) royalti;
16) tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan operatsiyalardan olinadigan boshqa daromadlar.
Qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadigan boshqa daromadlar qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi chegirilgan holda aniqlanadi.
