2-modda. Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeksdan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar ushbu Kodeks bilan belgilanadi, oʻzgartiriladi yoki bekor qilinadi.
Soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeks qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak. Normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq boʻlmagan taqdirda, ushbu Kodeks qoidalari qoʻllaniladi.
Soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjat quyidagi hollarda ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi, agar hujjat:
1) ushbu Kodeksga muvofiq bunday hujjatni qabul qilish huquqiga ega boʻlmagan organ tomonidan qabul qilingan boʻlsa yoki normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan boʻlsa;
2) soliq munosabatlari subyektlarining huquqlarini bekor qilsa yoki cheklasa, soliq munosabatlari subyektlarining ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlarining mazmunini, ular harakatlarining asoslari, shartlari, ketma-ketligi yoki tartibini oʻzgartirsa;
3) ushbu Kodeks bilan taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yoʻl qoʻysa;
4) ushbu Kodeksda belgilangan tushunchalar mazmunini oʻzgartirgan yoki bu tushunchalar ushbu Kodeksda qoʻllanilganidan boshqacha maʼnoda qoʻllanilgan boʻlsa.
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan holatlardan loaqal bittasi mavjud boʻlgan taqdirda, soliq solish masalalariga daxldor normativ-huquqiy hujjatlar ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi.
Ushbu Kodeksga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ yoki uning yuqori turuvchi organlari mazkur hujjatni bekor qilishga yoki unga zarur oʻzgartishlar kiritishga haqli. Bu organlar ushbu Kodeksga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatni bekor qilishni yoki unga zarur oʻzgartishlar kiritishni rad etgan taqdirda, bu hujjat sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
