164-modda. Soliq toʻlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Hisobot davri mobaynida soliq toʻlovchilar yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini joriy toʻlovlarni kiritish orqali toʻlaydilar, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar bundan mustasno.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlarning summasini aniqlash uchun soliq toʻlovchilar joriy hisobot davri birinchi oyining 10-kunigacha davlat soliq xizmati organiga joriy hisobot davri uchun taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan va yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining belgilangan stavkasidan kelib chiqib hisoblangan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining summasi haqida maʼlumotnoma taqdim etadilar.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha joriy toʻlovlar har oyning 10-kunidan kechiktirmay ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan yil choragi boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasining uchdan bir qismi miqdorida toʻlanadi.
Hisobot davrida taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foyda bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan kam miqdorni tashkil etadigan soliq toʻlovchilar joriy toʻlovlarni toʻlamaydi.
Taxmin qilinayotgan soliq solinadigan foydadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasi hisobot davri uchun budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi summasiga nisbatan 10 foizdan koʻproq kamaytirilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi joriy toʻlovlarni yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining haqiqiy summasidan kelib chiqib penya hisoblagan holda qayta hisoblashga haqli.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlash hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini, shuningdek sof foydadan olinadigan soliqni joriy toʻlovlarni toʻlamasdan yiliga bir marta, hisob-kitobni taqdim etish muddatidan keyin bir oy ichida toʻlaydi.
