163-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va hisob-kitoblarni taqdim etish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 25.12.2007 · Amalda
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini hisoblab chiqarish ushbu Kodeksning 128-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining hisob-kitobi, agar ushbu moddada boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat soliq xizmati organlariga ortib boruvchi yakun bilan yilning har choragida hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha esa, yillik moliyaviy hisobot taqdim etiladigan muddatda taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari doimiy muassasa joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organiga Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatining xususiyati haqidagi hisobotni (erkin shaklda), shuningdek yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻining hisob-kitobini chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar uchun yillik moliyaviy hisobotni topshirish uchun belgilangan muddatlarda taqdim etadi. Faoliyat kalendar yil tugashidan avval tugatilgan taqdirda, bu hujjatlar faoliyat tugatilganidan keyin bir oydan kechiktirmasdan taqdim etilishi shart.
